Olimlar mushuklarning inson salomatligiga ijobiy ta’sirini aniqladi
Mushuklar ruhiy salomatlik uchun foydali ekani ilmiy isbotlandi.

Hayvon terapiyasi inson ruhiyati va hissiy holatini yaxshilashda samarali vosita sifatida keng qo‘llaniladi. Odatda, bu maqsadda itlar va otlar tanlanadi. Ammo Vashington shtat universiteti olimlari olib borgan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, mushuklar ham stressni kamaytirishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Tadqiqotchilar yuzlab mushuk egalari o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, ularning uy hayvonlari xatti-harakatlarini baholashdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ba’zi mushuklar odamlarga tinchlik va xotirjamlik bag‘ishlashda juda foydali bo‘lishi mumkin.
Ular:
- Odamlar bilan yaqin muloqot qilishni yoqtiradilar;
- E’tibor va mehr izlashadi;
- Osonlik bilan yangi muhitga moslashadilar.
Tadqiqot rahbari Patrisiya Pendrining ta’kidlashicha, ba’zi odamlar kuchli ijtimoiy faollikka ega bo‘lgan itlardan ko‘ra mushuklarning osoyishta va yumshoq fe’l-atvorini afzal ko‘radi. Shu sababli, mushuk terapiyasi ko‘proq insonlarga mos kelishi mumkin.
Farqli jihatlardan yana biri shundaki, mushuklar maxsus tayyorgarlikdan o‘tmaydi. Ularning terapevtik xususiyatlari asosan individual fe’l-atvor va inson bilan o‘zaro aloqasiga bog‘liq bo‘ladi.
Olimlar mushuklarning stress, tashvish va depressiyani kamaytirishdagi rolini yanada chuqurroq o‘rganishni rejalashtirmoqda. Bu esa kelajakda felinoterapiyaning rasmiy terapiya shakliga aylanishiga olib kelishi mumkin.








