Toshkentda FVB boshlig‘i o‘rinbosari qo‘lga olindi
U tamagirlik yo‘li bilan pora olib kelgan.

Aniqlanishicha, mazkur mansabdor shaxs o‘z xizmat mavqeini suiisteʼmol qilib, Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan binolarning eskiz loyihasini tasdiqlash, yong‘indan avtomatik tarzda xabar beruvchi qurilmalar bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni imzolash hamda yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan binolarni Davlat qabul komissiyasiga foydalanishga topshirilishida ijobiy xulosa berish evaziga doimiy ravishda tamagirlik yo‘li bilan pora olib kelgan.
Bildirilishicha, bunday obyektlar ichida umumiy o‘rta taʼlim maktabi va tibbiyot muassasasi binolari ham bor.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.







