Suriya sobiq bosh muftiysi aeroportda qo‘lga olindi
U mamlakatdan Ummonga qochishga uringan.

Suriya xavfsizlik kuchlari Damashq xalqaro aeroportida sobiq bosh muftiy shayx Ahmad Badriddin Hassunni hibsga oldi. U mamlakatdan Ummonga qochishga uringan va u yerda shoshilinch jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi kerak bo‘lgan. Biroq aeroportga kelganidan bir necha daqiqa o‘tib, qo‘lga olingan.
Damashqda yashirinib yurgan Bashar Asad tarafdorlariga qarshi maxsus operatsiyalar davom etmoqda. Xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘tkazilgan reydlarda bir necha kishi ushlangan, ulardan qurollar, o‘q-dorilar va portlovchi qurilmalar topilgan. Mart oyida Latakiya, Tartus, Xama va Xoms viloyatlarida Asad tarafdorlari va yangi hukumat o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib, 1,3 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
Suriyaning yangi hukumati Asadni sud qilish uchun Rossiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda. Biroq Rossiya hozircha bu talabni rad etmoqda. Shu bilan birga, Latakiya va Idlib viloyatlari chegarasida o‘tkazilgan operatsiyada Asad tarafdorlaridan 15 ta askar qo‘lga olingani ma’lum qilindi.







