Yangiyo’ldagi “dom”da gaz portladi
Ikki kishi kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida gaz to‘planib, portlash sodir bo‘ldi. Tuman hokimligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, hodisa 27-mart kuni soat 21:50 atrofida Gulbahor mahallasida joylashgan 1-uyning 2-qavatidagi 5-xonadonda ro‘y bergan.
Portlash natijasida ushbu xonadon egalari — 55 yoshli B.A. va 51 yoshli turmush o‘rtog‘i O.A. tanasining 60 foiz kuyishi tashxisi bilan tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Shuningdek, besh qavatli uyning 3-qavatidagi xonadonlar oynalari singan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur uy hali to‘liq bitkazilib topshirilmagan bo‘lib, u yerda fuqaro yashamasligi kerak edi. Hodisa sabablari bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.







