Siyosat

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston chegara kelishuviga erishdi

Davlat rahbarlari chegaralar bo‘yicha shartnoma hamda qo‘shma deklaratsiyani imzolashdi.

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston chegara kelishuviga erishdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Xo‘jand shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etdi.

 

Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari bir-birlarini muborak Ramazon hayiti hamda bahor uyg‘onishi va yangilanish ayyomi - Navro‘z bilan qutladilar, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

 

Prezidentimiz Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlarini barcha masalalar uzil-kesil hal etilgani hamda Davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan samimiy tabrikladi.

 

Ushbu hujjat, shuningdek, uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida imzolanayotgan shartnoma barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga, butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Tantanali ravishda ochilgan Do‘stlik stelasi esa qardosh mamlakatlar o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining yangi ramziga aylanishi qayd etildi.

 

O‘zbekiston Prezidenti amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

 

Eng avvalo, bu oliy darajadagi faol va ishonchli aloqalarni davom ettirishdir.

 

Shu hafta Samarqandda "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti va mintaqadagi umumiy ekologik tahdidlarga bag‘ishlangan Iqlim forumi bo‘lib o‘tadi.

 

May oyida Ko‘rfaz arab davlatlari bilan sammit, sentyabr oyida esa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi.

 

Shu munosabat bilan, bo‘lajak tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari orqali muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

 

Chegaradosh hududlarning hamkorligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘n karradan ziyodga oshgani qayd etildi. Bu hajmning deyarli yarmi chegaraoldi hududlarga to‘g‘ri keladi.

 

Shu bois chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Uch tomonlama savdo maydonchasini tashkil etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan ko‘rgazma-yarmarkasini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganish taklif etildi.

 

Yana bir yo‘nalish - sanoat kooperatsiyasi loyihalari.

Bugungi kunda O‘zbekiston korxonalari va xususiy kompaniyalari qo‘shni mamlakatlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga faol sarmoya kiritmoqda.

 

Kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz rahbari qo‘shma investitsiya jamg‘armalari kapitalini bosqichma-bosqich oshirishga tayyorligini bildirdi.

 

Mamlakatlar o‘rtasida transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Bu aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va geografiyasini kengaytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga oladi.

 

“Yashil” energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalar, suv va ekologiya dasturlarini ilgari surish diqqat markazida bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Prezidenti hukumatlar iqtisodiy yo‘nalishda yana-da faol ishlab, xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan tezkor, real natijalar berishi lozimligini alohida taʼkidladi.

 

Shu kunlarda Xo‘jand shahrida qator madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilayotgani xalqlarimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

 

Davlatimiz rahbari har yili Navro‘z bayrami kunlarida chegaraoldi hududlarda qo‘shma konsert va do‘stlik festivallarini o‘tkazishni taklif etib, kelgusi yilda bunday tadbirlarni Farg‘ona shahrida tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

 

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda uch davlat rahbarlarining Qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.

Xalqaro ishonch: O‘zbekiston BMT kongressiga mezbonlik qiladi

Xalqaro ishonch: O‘zbekiston BMT kongressiga mezbonlik qiladi

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida o‘tkazilgan Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongressida ishtirok etdi.

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida BAA Prezidenti bilan uchrashdi

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida BAA Prezidenti bilan uchrashdi

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va sun’iy intellekt sohasidagi istiqbollarni muhokama qildi.

Qozog‘istondagi harbiylar halokati: Mirziyoyev Toqayevga hamdardlik yo‘lladi

Qozog‘istondagi harbiylar halokati: Mirziyoyev Toqayevga hamdardlik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarda halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat tiladi.

C5+1 uchrashuvi Samarqandda: Marko Rubio O‘zbekistonga keladi

C5+1 uchrashuvi Samarqandda: Marko Rubio O‘zbekistonga keladi

AQSH Davlat kotibi 100 dan ortiq Amerika kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaga boshchilik qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Tomonlar o‘rtasida infratuzilma, investitsiya va “yashil” sanoat yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Kobaxidzeni tavallud kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Kobaxidzeni tavallud kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston va Gruziya Poti va Anakliya portlari infratuzilmasidan samarali foydalanish orqali transport aloqalarini rivojlantirishni muhokama qildi.

Saida Mirziyoyeva JST bosh direktori bilan uchrashdi

Saida Mirziyoyeva JST bosh direktori bilan uchrashdi

Uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni va oldinda turgan yakuniy vazifalarni muhokama qildi.

Saida Mirziyoyeva “BlackRock” rahbariyati bilan uchrashdi

Saida Mirziyoyeva “BlackRock” rahbariyati bilan uchrashdi

Uchrashuvda 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston chegara kelishuviga erishdi | Zamon.uz