Tez ozishning yangi usuli aniqlandi
Buning uchun haftada 3 kun oraliq ovqatlanish kerak.

Kolorado universiteti olimlari tomonidan o'tkazilgan yangi tadqiqotda haftada uch kun davomida oraliq ovqatlanish rejimiga rioya qilishning kunlik kaloriya iste'molini cheklashdan ko'ra tezroq vazn yo'qotishga yordam berishi aniqlandi.
Tadqiqotda ortiqcha vaznli yoki semirib ketgan 165 nafar ko'ngilli ishtirok etgan. Ishtirokchilar ikki guruhga bo'lingan. Birinchi guruh, haftada uch kun davomida (bu kunlar ketma-ket bo'lmasdan) kaloriya iste'molini 80 foizga kamaytirishlari kerak edi. Boshqa kunlarda esa ular normal ovqatlanishlari mumkin edi. Ikkinchi guruh esa har kuni kaloriya miqdorini cheklashgan. Har ikki guruhga sport zalga borishi va haftasiga kamida 300 daqiqa jismoniy mashq qilish tavsiya qilingan.
Ko'ngillilarga parhezni amalga oshirish uchun mobil ilovalardan foydalanish o'rgatilgan. Shuningdek, ularga kaloriya tarkibini quyidagi nisbatda bo'lishi tavsiya qilingan: 55 foiz uglevodlar, 15 foiz oqsillar va 30 foiz yog'lar.
Tajriba yakunida birinchi guruh (oraliq ovqatlanish rejimi bo'yicha amal qilganlar) o'rtacha 7.6 foiz tana vaznini yo'qotishgan, ikkinchi guruhdagi (kunlik kaloriya cheklovini amal qilganlar) ishtirokchilarda esa bu ko'rsatkich 5 foizni tashkl qilgan. Oraliq ovqatlanish rejimi bilan tajriba o‘tkazganlar, shuningdek, bir nechta kardiometabolik ko'rsatkichlarda ijobiy o'zgarishlarni ko'rsatdilar. Jumladan, ularning sistolik qon bosimi pasaygan, qondagi xolesterin (umumiy va LDL) va glyukoza miqdori normal holatga kelgan.







