O‘zbekiston ichki turizmga katta sarmoya kiritadi
Sayohatni odatga aylantirish va yangi yo‘nalishlar yaratish bo'yicha prezident ko'rsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ichki turizmni rivojlantirish va aholining sayohat madaniyatini oshirish bo‘yicha qator yangi tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, har yili ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga 20 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
So‘nggi yillarda bu soha sezilarli o‘sishga erishdi: 2017-yilda atigi 5 million mahalliy sayyoh bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 23 millionga yetgan. Ammo shunga qaramay, hanuzgacha Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarga bormagan oilalar anchagina.
Shu sababli, har oyning bir shanba va yakshanbasi “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish kuni” deb e’lon qilinadi. Bu orqali odamlar orasida sayohat madaniyatini oshirish, oila va jamoaviy hordiqni rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan turli tanlov va musobaqa g‘oliblariga “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmalari sovg‘a qilinadi. Bu esa ayniqsa yoshlarda vatanshunoslik ruhini kuchaytiradi.
Yig‘ilishda, shuningdek, ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi mutasaddilarga topshirildi.







