Tungi ish sog‘liqni xavf ostiga qo‘yadi
Yurak xuruji, saraton va boshqa kasalliklar xavfi oshadi.

Tungi smenalarda doimiy ishlash inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, yolg‘iz yashovchi kishilar uchun bu xavf yanada kuchli bo‘ladi. Bu haqda rossiyalik nevrolog Igor Maltsev ma’lum qildi.
Mutaxassisning aytishicha, tunda ishlovchilar ko‘pincha ertalab va kunduzi charchoq, diqqatning susayishi va xatolar xavfi bilan yuzlashadi. Vaqt o‘tishi bilan melatonin (uyqu gormoni) va kortizol (stress gormoni) darajasidagi o‘zgarishlar immunitetni pasaytiradi, hujayralarning yangilanishiga va stressga bardoshlilikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, surunkali stress, modda almashinuvi buzilishi va yallig‘lanishlar gipertoniya, ateroskleroz va hatto yurak xuruji xavfini oshiradi. Tunda ovqatlanish odati esa glyukoza va yog‘ almashinuviga salbiy ta’sir ko‘rsatib, 2-toifa diabetga olib kelishi mumkin.
Yillar davomida tungi smenada ishlash natijasida melatonin darajasining tushib ketishi o‘sma rivojlanishiga qarshi tabiiy himoyani zaiflashtiradi. Bu esa ko‘krak va prostata saratoni xavfini oshiradi. Surunkali uyqusizlik va yolg‘izlik esa immunitetni yanada pasaytiradi, infeksiyalarga moyillikni kuchaytiradi, sog‘ayish jarayonini sekinlashtiradi. Ayollar orasida homiladorlikdagi muammolar ham kuzatilishi mumkin.
Nevrologning ta’kidlashicha, bu kabi sog‘liq muammolari ayniqsa yolg‘iz yashaydigan tungi ishchilarda ancha ko‘proq uchraydi.







