Yamanda husiylar AQSHni havo hujumida ayblamoqda
Hujum natijasida portda ishlayotgan 17 kishi halok bo‘lgan.

AFP agentligi maʼlumotiga ko‘ra, Yamandagi husiylar AQSH Qizil dengiz bo‘yida joylashgan Ras Isa portiga havo hujumlari uyushtirganini maʼlum qildi. Husiylar vakili Anis Alasabahi bayonotiga ko‘ra, hujum natijasida portda ishlayotgan 17 kishi halok bo‘lgan, yana 30 nafar inson jarohat olgan.
AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy Qo‘mondonligi (CENTCOM) esa bu havo zarbalari husiylarning yoqilg‘i taʼminotini cheklash va noqonuniy daromad manbalarini yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilganini taʼkidladi. Bayonotda qayd etilishicha, husiylar bu manbalar orqali o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida terrorchilik faoliyatlarini moliyalashtirib kelgan.
CENTCOM‘ga ko‘ra, AQSH hukumati husiylarni joriy yil boshida “xorijiy terroristik tashkilot” deb eʼlon qilgan bo‘lsa-da, ular Ras Isa porti orqali yoqilg‘i yetkazib berishda davom etgan. Bu esa mintaqadagi xavfsizlikni yana-da izdan chiqarishi mumkinligi qayd etilmoqda.







