Zelenskiy Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazishda aybladi
Rossiya tarafida jang qilgan Xitoy fuqarosi Ukrainada asirga olingan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Xavfsizlik xizmati va razvedka ma’lumotlari Xitoyning Rossiya armiyasiga porox va artilleriya vositalari bilan yordam berayotganini ko‘rsatmoqda.
Zelenskiy “Interfaks-Ukraina” agentligiga bergan bayonotida, kelgusi haftalarda bu boradagi ma’lumotlarni kengroq oshkor qilish rejalashtirilayotganini aytdi. U, shuningdek, Xitoy vakillari Rossiya hududida qurol ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi mumkinligiga urg‘u berdi.
Rasmiy Pekin esa Rossiya-Ukraina urushida betaraflik pozitsiyasini saqlab kelmoqda va tomonlarni muzokaralar orqali mojaroni tugatishga chaqirgan. Xitoy Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamagan.
Shuningdek, aprel oyining boshida Rossiya tomonida jang qilgan ikki nafar Xitoy fuqarosi Ukraina tomonidan asirga olingani ma’lum bo‘ldi. Pekin bu shaxslar urushga xususiy shaxs sifatida aralashganini va Xitoy rasmiylari fuqarolarni urushdan tiyilishga chaqirganini qayd etdi.







