Lifestyle

Do‘stlik yurak xurujining oldini oladi

Olimlar do‘stlik va sog‘liq o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashdi.

Do‘stlik yurak xurujining oldini oladi

 

Do‘stlar nafaqat ruhiy ko‘mak beradi, balki yurak salomatligini ham saqlaydi. Braziliyaning San-Paulu yurak instituti kardiologi Fabio Fernandes bu borada qiziqarli tahlillar bilan bo‘lishdi. Uning Globo nashriga bergan intervyusi ijtimoiy aloqalarning organizmga ta’siri haqida chuqur mulohazalarga boy.

 

Fernandes fikricha, chin do‘stlik yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfini 50 foizgacha kamaytiradi. “Do‘stlardan mahrum odamlar ruhiy tushkunlik, alkogolizm va hatto jismoniy yakkalanishdan ko‘proq aziyat chekishadi. Ularning yonida og‘ir damlarda yordam beradigan hech kim bo‘lmaydi”, – deydi kardiolog.

 

Uning ta’kidlashicha, ilmiy tadqiqotlar do‘stlikning organizmga bo‘lgan foydali ta’sirini allaqachon isbotlagan. Yaxshi do‘stga ega bo‘lish nafaqat kayfiyatni ko‘taradi, balki tanadagi stress gormoni – kortizol darajasini pasaytiradi. Bundan tashqari, yurak xuruji va insultga olib keladigan yallig‘lanish oqsillarini kamaytiradi.

 

Fernandes yana bir muhim jihatga urg‘u berdi: o‘zini yolg‘iz his qiladigan odamlarda chekish xavfi ancha yuqori bo‘ladi. Bu esa yurak va qon tomirlariga jiddiy zarar yetkazadi. Kardiolog bu borada ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash, do‘stlar bilan vaqt o‘tkazish va doimo muloqotda bo‘lishni tavsiya qiladi.

 

Yurak sog‘lig‘i uchun parhez va jismoniy faollik bilan bir qatorda, samimiy insoniy rishtalar ham nihoyatda muhim ekanligi yana bir bor tasdiqlandi.

Do‘stlik yurak xurujining oldini oladi | Zamon.uz