Lifestyle

Hid orqali ong faoliyatini oshirish mumkin

Xushbo‘y hidlar bilan xotirani 226 foiz kuchaytirish mumkin.

Hid orqali ong faoliyatini oshirish mumkin

 

Xushbo‘y hidlar nafaqat muhitni yoqimli qiladi, balki inson miyasining faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kaliforniya universiteti (Los-Anjeles) olimlari olib borgan tadqiqot bunga dalil bo‘ldi.

 

Tadqiqotda 60 yoshdan 85 yoshgacha bo‘lgan ko‘ngillilar ishtirok etgan. Ular ikki guruhga bo‘lingan: birinchi guruh odatiy muhitda uxlashda davom etgan bo‘lsa, ikkinchi guruh yotoqxonasida har kecha turli hidlar (atirgul, evkalipt, apelsin, yalpiz, bibariya, limon va lavanda) purkalgan.

 

Olti oy davom etgan kuzatuvlar natijasida mutaxassislar aql bovar qilmaydigan farqni qayd etdilar: hid bilan boyitilgan muhitda uxlagan ishtirokchilarda kognitiv qobiliyatlar — ya’ni xotira, e’tibor va o‘rganish qobiliyati — 226 foizga oshgan.

 

Olimlar bu hodisani shunday tushuntiradilar: hidlar miyaning hissiyotlar va xotiralar uchun javobgar bo‘lgan limbik tizimi va gippokampiga kuchli stimulyatsiya beradi. Natijada bu hududlar faollashadi va yangi axborotni qabul qilish, saqlab qolish jarayoni ancha kuchayadi.

 

Mazkur tadqiqot keksa yoshdagi insonlar uchun xotirani tiklash, miya faoliyatini faollashtirish va hatto Altsgeymer singari kasalliklarning oldini olishda yangi yondashuvlarga yo‘l ochishi mumkin.

Hid orqali ong faoliyatini oshirish mumkin | Zamon.uz