Shveysariyadagi kurort dunyodan uzilib qoldi
Tog' hududida balandligi taxminan 100 santimetrlik qor yog‘gan.

Shveysariyaning mashhur chang‘i kurorti Zermatt kuchli qor yog‘ishi oqibatida tashqi dunyo bilan aloqasiz qoldi.
Alp tog‘larining 2500 metr balandligida 100 santimetrga yaqin qor yog‘gani tufayli Zermattga olib boruvchi avtomobil va temir yo‘llar yopildi. Qor yog‘ingarchiligi shunchalik kuchli bo‘lganki, natijada qishloq butunlay yakkalanib qolgan. Mahalliy hukumat favqulodda chora sifatida aholiga SMS orqali uyda qolishni tavsiya qildi.
Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, juma kuni ertalab qishloqda elektr ta’minoti ham to‘xtagan. Elektr tarmoqlari shikastlangan bo‘lib, muz va qor ta’mirlash ishlariga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Payshanba kuni kechqurun mahalliy sport zalida issiq sho‘rva tarqatilib, mobil telefonlar uchun quvvatlantirish stansiyasi tashkil etilgan.
Shu bilan birga, payshanba va juma kunlari kurortdagi barcha chang‘i liftlari yopildi. Vale kantoni rasmiylari aholiga qor ko‘chkisi, daraxtlar va shoxlarning qulash xavfi tufayli o‘rmonlar va tog‘li hududlarda yurmaslikni, chang‘i uchishga bormaslikni qat’iy ta'kidlashgan.







