Koreya Tramp bojlariga qarshi chiqmaydi
Seul ikkala tomon uchun foydali yechimlar topish istagida.

Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Xan Dok Su mamlakat AQSH tomonidan joriy etilgan boj to‘lovlariga qarshilik qilmasligini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, bu qaror AQSH oldidagi “tarixiy qarz” tufayli qabul qilingan.
“Qo‘shma Shtatlar Koreyaning bugungi rivojlangan holatga yetib kelishiga ulkan hissa qo‘shgan. Koreya urushi ortidan AQSH bizga yordam, texnologiya, investitsiya va xavfsizlik kafolatlarini taqdim etdi”, — dedi Xan Dok Su. Unga ko‘ra, bu omillar Janubiy Koreyani xalqaro sarmoyadorlar uchun jozibali mamlakatga aylantirdi.
Shu bilan birga, u Seul Vashington bilan muzokaralar olib borishni va “ikkala tomon uchun foydali yechimlar” topishni istashini bildirib o‘tdi. Xan Tramp boshlagan boj siyosatiga qarshi chiqishni “qarshi kurashishga arziydigan masala emas”, deya taʼrifladi.







