Toshkentda shokolad muzeyi ochildi
Muzeyda jami 19 ta eksponat mavjud.

Toshkentdagi “Navro‘z” bog‘ida Markaziy Osiyodagi ilk shokolad muzeyi faoliyatini boshladi. Muzeyda shokolad sanʼati va tarixiga oid eksponatlar namoyish etilmoqda. Muzeyda O‘zbekiston va dunyoning mashhur meʼmoriy yodgorliklarining shokoladli miniatyuralari, shuningdek, tarixiy shaxslarning haykallari mavjud.
Muzeyda jami 19 ta eksponat bo‘lib, ulardan 16 tasi ustalar tomonidan qo‘lda yasalgan shokoladli haykallardir. Muzeyda ishlatilgan shokoladning umumiy og‘irligi 850 kilogrammni tashkil etadi, va ular 35°C gacha bo‘lgan haroratda saqlanishi mumkin. Eksponatlar orasida Kolizey, Toj Mahal, Piza minorasi kabi dunyo arxitekturasining eng mashhur inshootlari va O‘zbekistonning tarixiy obidalari mavjud.
Muzeyning ochilish maqsadi – milliy madaniyat va tarixni shokolad sanʼati orqali namoyish etishdir. Hozirgi vaqtda muzeyga kuniga 100 ga yaqin odam tashrif buyurmoqda. Shuningdek, muzeyda shokolad ishlab chiqarish jarayoni ham namoyish qilinadi.
Muzeyda barcha eksponatlar haqida maʼlumotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etilgan. Kelajakda muzeyda shokolad mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Muzey dam olish kunlarisiz soat 9:00 dan 18:00 gacha ishlaydi.







