Yevropa AQSH qo‘shinlarini almashtirishiga 12 yil kerak bo‘ladi
Hozirda Yevropada taxminan 70-90 ming amerikalik askar bor.

Agar AQSH Yevropadagi qo‘shinlarini olib chiqib ketsa yoki qisqartirsa, Yevropa bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun 10-12 yil vaqt sarflashi kerak bo‘ladi. Bu haqda Germaniyadagi iqtisodiy tadqiqot instituti IV va tahlilchilari xabar berdi.
Yaqinda Yevropaga qilgan safari chog‘ida AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset Amerika harbiylarining bu yerda abadiy qolmasligini aytib o‘tdi. Bu bayonot ko‘plab Yevropa poytaxtlarida xavotir uyg‘otdi. Rasmiylarning taʼkidlashicha, Amerikada ham, Yevropada ham bunday ehtimolga shubha bilan qaraydiganlar kam.
Hozirda Yevropada 70-90 ming atrofida amerikalik askar bor. Maʼlumot uchun, 1950 yillarda bu raqam 400 mingdan oshiq edi.
Hisobotda aytilishicha, AQSH qo‘shinlarining kamayishi Rossiyani jilovlab turish imkoniyatini sezilarli darajada susaytiradi va yangi kuchlarni tayyorlash esa katta mablag‘ va ko‘p vaqt talab qiladi.
Aprel oyida NATOdagi AQSH kuchlari qo‘mondoni general Kristofer Kavoli Kongressga “joriy holatni saqlab qolish” zarurligini taʼkidlagan edi. U yozda lavozimidan ketadi. Politico maʼlumotiga ko‘ra, undan keyin NATO bosh qo‘mondonligi tarixda birinchi marta yevropaliklarga topshirilishi mumkin.







