Ispaniya va Portugaliyada elektr taʼminoti to‘liq tiklandi
Avariya sabablari hozircha noma'lum.

28 aprel kuni Pireney yarim orolidagi keng ko‘lamli blekautdan so‘ng, Ispaniya va Portugaliyada elektr taʼminoti to‘liq tiklandi.Portugaliyaning E-Redes operatori ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 6,4 millionga yaqin abonentga yana elektr yetkazib berilmoqda. Faqatgina 800 ta xonadon hali ham tarmoqdan tashqarida qolmoqda.
Lissabonda temiryo‘l qatnovi va metro xizmatlari bosqichma-bosqich qayta tiklanmoqda. Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi elektr tarmoqlari 99,95 foiz darajada tiklangan, avariya sabablari hozircha aniq emas.
Blekautning kelib chiqishiga Portugaliya tomonidan kamdan-kam uchraydigan atmosfera hodisasi va Ispaniyadagi yuqori voltli tarmoqlardagi g‘ayritabiiy tebranishlar sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Elektr uzilishlari nafaqat Ispaniya va Portugaliya, balki Fransiya, Belgiya va Andorraga ham taʼsir ko‘rsatdi.







