Hindiston Pokiston aviakompaniyalari uchun havo hududini yopdi
Ushbu cheklov Pokistonga katta ta’sir ko‘rsatmaydi.

Hindiston 30-apreldan 23-maygacha Pokiston aviakompaniyalariga o‘z havo hududidan foydalanishni taqiqladi. Bu qaror Pokiston Hindiston samolyotlariga hududini yopib qo‘yganidan va yaqinda Kashmirda 26 kishining hayotiga zomin bo‘lgan hujumdan so‘ng qabul qilindi.
Pokiston Bosh vaziri Shehbaz Sharif AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan suhbatda Hindistonning ayblovlarini qat’iyan rad etdi va mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi. Shuningdek, u AQShni Hindistonni ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga undashga chaqirdi.
Pokiston milliy aviakompaniyasi — PIA — keskinlik kuchaygani sababli Hindiston hududidan aylanib uchish qarorini qabul qildi. Ta’kidlash joizki, ushbu cheklov Pokistonga unchalik katta ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki Hindiston havo hududidan asosan xalqaro yo‘nalishlarda, masalan, Kuala-Lumpurga parvozlar uchun foydalanilardi.
Kashmirdagi mojaro tufayli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib, hatto suv shartnomalari va boshqa hamkorlik sohalariga ham ta’sir qila boshladi.







