Tramp Eron neftini sotib olganlarga sanksiya qo‘llaydi
Eron asosan Xitoyga neft yetkazib bergan.

AQSH prezidenti Donald Tramp Erondan neft yoki neft-kimyo mahsulotlari sotib oladigan davlatlar va shaxslarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar joriy etilishini e’lon qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar bundan keyin AQSH bilan hech qanday shaklda biznes qila olmaydi. U barcha mamlakatlarni Eron neftini xarid qilishni darhol to‘xtatishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil aprelida Eron neft eksporti so‘nggi olti yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqib, asosan Xitoyga yetkazib berilgan edi.
Aprel oyi o‘rtalarida Ummonda AQSH va Eron o‘rtasida yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarning birinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, 2015-yilda Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Fransiya va Eron o‘rtasida imzolangan yadroviy bitim Eron yadro dasturiga cheklovlar evaziga sanksiyalarni yumshatishni nazarda tutgan. Ammo AQSH Tramp prezidentligi davrida — 2018-yil may oyida bu kelishuvdan chiqib, sanksiyalarni qayta joriy qilgan. Eron esa bunga javoban kelishuvdagi majburiyatlarini bosqichma-bosqich kamaytirgan.







