Lifestyle

Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni joriy etildi

Xotirlash kuni 2026-yil 29-apreldan nishonlanadi.

Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni joriy etildi

Tabiiy ofatlar insoniyat uchun eng katta sinovlardan biri bo‘lib, ular nafaqat odamlar hayotiga, balki infratuzilmalarga ham katta zarar yetkazadi. Ayniqsa, zilzilalar eng xavfli ofatlardan hisoblanadi, chunki ularni oldindan aniq bashorat qilish deyarli imkonsiz.

 

2023-yil 16-mart kuni Turk davlatlari tashkilotining sammitida O‘zbekiston Prezidenti zilzila qurbonlarini xotirlash, ularni yod etish va bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish tashabbusini ilgari surgan edi. Mana, oradan ikki yil o‘tib, bu tashabbus real natija berdi.

 

2025-yil 29-aprel kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston taklifi bilan 29-aprel sanasini Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi. Ushbu hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammuallif bo‘ldi.

 

Xotirlash kuni ilk bor 2026-yil 29-aprelda nishonlanadi. Bu sana bejiz tanlanmagan — u 1966-yilda Toshkentda yuz bergan vayronkor zilzilaning 60 yilligiga to‘g‘ri keladi.

 

Shuningdek, eslatib o‘tamiz, yaqinda BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha ham dekada e’lon qilgan edi. Endilikda zilzila qurbonlarini xotirlash kuni haqidagi rezolyutsiya O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan 13-rezolyutsiya bo‘lib, bu mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘si ortib borayotganidan dalolat beradi.

Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni joriy etildi | Zamon.uz