Lifestyle

Yaponiyada ilon sabab poyezdlar ikki soatga to‘xtadi

Voqea sabab vokzallarda uzun navbatlar yuzaga kelgan.

Yaponiyada ilon sabab poyezdlar ikki soatga to‘xtadi

Yaponiyaning mashhur "Sinkansen" tez yuruvchi poyezdlari Tokio va Osaka o‘rtasidagi eng band yo‘nalishda kutilmagan to‘xtalishga duch keldi. Sababi — bir metr uzunlikdagi ilon elektr simlariga o‘ralib qolib, qisqa tutashuv yuzaga keltirgan. BBC xabar berishicha, ilon ustun bo‘ylab yuqoriga sudralib chiqqan va simlar ustidan o‘tishga uringanida nobud bo‘lgan.

 

Hodisa chorshanba kuni soat 17:00 atrofida Maybara va Gifu-Hashima stansiyalari o‘rtasida sodir bo‘ldi. Yo‘lovchilarning aytishicha, poyezdlarda chiroqlar va konditsionerlar ishlagan, biroq poyezdlar harakatlanmagan.

 

Kyodo agentligi maʼlumotiga ko‘ra, Tokio vokzalidagi chipta avtomatlari oldida uzun navbatlar yuzaga kelgan. Harakat soat 19:00 ga kelib tiklangan.

 

Taʼkidlash joizki, hozir Yaponiyada “Oltin hafta” deb ataluvchi bayram davom etmoqda — bu davrda mamlakat bo‘ylab transport vositalari va vokzallar ayniqsa band bo‘ladi.

 

Eslatib o‘tamiz, "Sinkansen" Yaponiyaning mashhur tez yuruvchi poyezd tarmog‘i bo‘lib, Tokio–Osaka yo‘nalishi 1964 yilgi Yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorlangan. Yaponiyaning ushbu muvaffaqiyati 1981 yilda Fransiyada birinchi TGV liniyasi ishga tushirilishiga ham turtki bo‘lgandi. "Sinkansen"lar har doim o‘z aniqligi va qulayligi bilan dunyoda mashhur bo‘lib kelgan.