AQShda mushuk 120 metr balandlikdan qulab omon qoldi
Uning egasi esa vafot etgan.

AQShning Yuta shtatidagi Bryce Kanyon milliy bog‘ida 12 yoshli Mirage laqabli mushuk 120 metr balandlikdan qulab tushib, omon qoldi. Ammo, uning egasi va hamroh ayol halok bo‘lgan.
Voqea 29 aprel kuni sodir bo‘lgan. Noma’lum sababga ko‘ra, erkak va ayol kuzatuv maydonchasidagi panjaradan oshib, jarlikka qulab tushib ketgan. Ularning jasadlari yonidan esa Mirage mushugi topilgan.
Veterinarlarning aytishicha, mushukning bir nechta qovurg‘alari singan, ikki tishining uchi shikastlangan, biroq umumiy ahvoli yaxshi. Shifokorlar uning yaqin orada to‘liq sog‘ayib ketishini aytishmoqda.
Politsiya bergan ma’lumotga ko‘ra, halok bo‘lganlar ilgari Florida shtatida yashagan, so‘ng Arizona orqali Utahga sayohat qilgan. Hodisaning sabablari hozircha aniqlanmagan.
Mirage hozir veterinariya klinikasida parvarish qilinmoqda, u bu sinovdan omon chiqqani bilan hammani hayratga soldi.







