Hindistondagi tiqilinchda 6 kishi halok bo‘ldi
Ibodatxonada to‘satdan vahima boshlangani sabab tartibsizlik yuzaga kelgan.

Hindiston janubidagi Goa shtatida joylashgan Shirgaon ibodatxonasida diniy marosim vaqtida yuz bergan tiqilinch kamida 6 kishining halok bo‘lishiga, 50 dan ortiq kishining jarohat olishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda NDTV telekanali xabar berdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, minglab ziyoratchilar ishtirok etgan marosimda to‘satdan vahima boshlangan, odamlar shosha-pisha chiqib ketishga urinib, tartibsizlik yuzaga kelgan. Favqulodda xizmatlar va politsiya voqea joyiga yetib kelib, jarohatlanganlarni shifoxonaga yetkazgan. Hozirda hodisa yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa katta olomon ustidan nazorat va tartibni ta’minlash bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagani sabab yuz bergan. Bunga o‘xshash fojialar Hindistonda ilgari ham qayd etilgan, jumladan, 30-yanvar kuni Uttar-Pradeshdagi Kumbha Mela festivalida yuz bergan tiqilinchda 40 kishi halok bo‘lgan edi.







