Qozog‘iston rossiyalik deputatlarning mamlakatga kirishini taqiqladi
Hukumat bu qarorga rasmiy izoh bermagan.

27-aprel kuni Rossiya MDH mamlakatlari instituti xodimi Andrey Grozin Ostona aeroportiga yetib kelganida, unga Qozog‘iston hududiga kirishga ruxsat berilmadi. Grozin Qozog‘iston-Rossiya munosabatlariga bag‘ishlangan tadbirlarga rasmiy taklif etilgan bo‘lsa-da, u taqiqlangan shaxslar ro‘yxatida ekani aniqlangan. Qozog‘iston hukumati bu qarorning sabablarini rasman tushuntirmagan.
Norasmiy manbalarga ko‘ra, Grozin chiqishlarida Qozog‘iston rahbariyatini tanqid qilgan va qozoq xalqiga nisbatan haqoratli ifodalar ishlatgan. Shu sababli u, jumladan, Jirinovskiy, Kandelaki, Dugin kabi mashhur rossiyaliklar kirgan yopiq ro‘yxatga qo‘shilgan. Bunga javoban Rossiya ham bir qator qozog‘istonlik siyosatchilar va faollarga mamlakatga kirishni taqiqlagan.
Qozog‘istonlik deputat Aydos Sarim Rossiyaga kirishga uringanda rad javobini olganini aytib, hozirgi vaziyatda ikki davlat o‘rtasidagi kirish taqiqlari ortib borayotganini ta’kidladi. U bunday amaliyot Belarus bilan ham kuzatilayotganini qo‘shimcha qildi.







