Tramp xorij filmlariga 100% boj joriy qildi
U bu qarorni milliy xavfsizlik masalasi sifatida ko‘rmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Amerika kino sanoati inqirozga yuz tutayotganini ta’kidlab, xorij filmlariga 100 foizlik boj joriy etishini e’lon qildi. Uning fikricha, boshqa davlatlar amerikalik kinoijodkorlar va studiyalarni o‘z tomoniga tortib olayotgani tufayli, mahalliy kino sanoati kuchli bosim ostida qolmoqda.
Tramp buni nafaqat iqtisodiy, balki milliy xavfsizlik masalasi sifatida ko‘rayotganini aytib, “Gollivud va boshqa ko‘plab sohalar bankrot bo‘lmoqda. Bu — boshqa davlatlarning birgalikdagi harakati, shu sababli bu milliy xavfsizlikka tahdiddir,” deya tushuntirdi.
Ushbu qaror kino sanoati va xalqaro madaniy almashinuvga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha aniq emas, biroq u Amerika ichida ham, xalqaro maydonda ham katta munozaralarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.







