Toshkent metropolitenida ayol mashinistlar ilk bor ish boshladi
Hozirda 16 nafar xodim ishga qabul qilingan.

Toshkent metropoliteni tarixida ilk bor ayollar elektroyo‘lovchi poezdlarni boshqaruvchi mashinist sifatida ish faoliyatini boshladi. Bu yangilik Rossiyaning "МИР" telekanali orqali e’lon qilindi va mamlakatda gender tenglik yo‘lida tashlangan muhim qadamlardan biri sifatida qaralmoqda.
Ayol mashinistlar hozirda murabbiylar nazorati ostida tajriba orttirmoqda. Yaqin kunlarda ular tarkiblarni mustaqil ravishda boshqarishni boshlaydi. Bu tashabbus o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan e’lon qilingan tanlov natijasida amalga oshirildi.
Tanlovda ilgari metropolitenning turli bo‘limlarida ishlagan, zarur tajribaga ega ayollar ishtirok etib, suhbat, tibbiy ko‘rik va psixologik testdan muvaffaqiyatli o‘tgan 16 nafar nomzod ishga qabul qilindi.
Ular 11 oy davomida intensiv o‘quv kurslaridan o‘tib, poyezdlarni boshqarish qoidalari, ularning texnik tuzilishi va pnevmatik tizimlar faoliyati bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘lishdi.







