Yevropada yuqori maosh to'laydigan davlatlar ro'yxati e'lon qilindi
Unda Shvetsariya yetakchi.

Yevropaning eng ko‘p maosh to‘laydigan davlatlari ro‘yxati e’lon qilindi. Evrostat va OECD tomonidan taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Lyuksemburg va Shvetsariya ish haqi bo‘yicha boshqalardan sezilarli ustunlikka ega. 2023-yilda Lyuksemburgda to‘la ish kuniga ega xodimning o‘rtacha oylik maoshi 6755 yevroga, Shveytsariyada esa 8104 yevroga teng bo‘lgan.
Evropa Ittifoqi doirasida Daniya, Irlandiya, Belgiya, Avstriya, Germaniya va Finlyandiya singari mamlakatlar ham yuqori ish haqi bilan ajralib turadi. Ammo, Bolgariya, Ruminiya, Gretsiya, Vengriya kabi Sharqiy va Janubiy Yevropa davlatlarida maoshlar 2000 yevrodan ancha past. Turkiya esa 873 yevro bilan eng past o‘rtacha ish haqiga ega davlat sifatida qayd etilgan.
Xarid qilish qobiliyati standartiga (PPS) ko‘ra baholaganda, ish haqlari o‘rtasidagi tafovutlar biroz qisqaradi, ammo hali ham katta farq saqlanib qolmoqda. Masalan, Lyuksemburgda ish haqi 4479 yevro bo‘lsa, Gretsiyada bu ko‘rsatkich atigi 1710 yevro. G‘arbiy va Shimoliy Yevropa davlatlari moliyaviy imkoniyatlar bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda.







