Jizzaxda IIB xodimlari fuqaroni kaltakladimi?
Tarmoqda tarqalgan xabarlarga rasmiy izoh berildi.

Avvalroq Jizzaxda ichki ishlar xodimlari fuqaroni kaltaklagani haqida xabar tarqalgandi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 5 may kuni soat 00:35 larda Arnasoy tumanidagi ovqatlanish shoxobchasidan qo‘riqlash bo‘limiga xabar kelib tushgan. Soha vakillari yetib borganida mast holatdagi fuqaro D.Ch. ovqat haqini to‘lamagani aniqlanadi.
Taʼkidlanishicha, fuqaro shoxobcha hovlisida bir necha fuqarolar bilan janjallashadi. Fuqaro D.Ch. ketmagach holat yuzasidan ichki ishlar organlariga xabar beriladi. Chaqiriq asosida soat 01:20 larda hudud profilaktika inspektori yetib keladi va fuqarodan uyiga ketishni so‘raydi.
Ammo fuqaro inspektorga bo‘ysunmaydi va IIO xodimi hamkasbi bilan uning qo‘liga kishan solib, narkologiya dispanseriga yetkazadi, deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan Arnasoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
To‘plangan hujjatlar asosida qonuniy qaror qabul qilinishi Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.







