Kech uxlash tana tizimlariga qanday zarar yetkazadi?
Vazn ortishining sababi kech yotish bo‘lishi mumkin.

Amerikalik gastroenterolog Saurabh Setining fikricha, yarim tundan keyin yotish odati nafaqat uyqu sifatiga, balki salomatlikning ko‘plab muhim jihatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, kech yotish va uyquning muntazam buzilishi ichak faoliyati, gormonal muvozanat, ruhiy holat va umumiy sog‘liq holatiga zarar yetkazadi. Bu holat ko‘pincha ishtahaning ortishiga olib keladi, bu esa ortiqcha vaznga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, befarqlik, ruhiy tushkunlik, diqqat jamlash qobiliyati va xotira bilan bog‘liq muammolar ham kech uxlashning oqibatlari sirasiga kiradi.
"Uyqu yetishmasligi vaqt o‘tishi bilan tananing barcha tizimlariga, ayniqsa, gormonlar, jigar va ichak faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi", — deydi doktor Seti.
U kech yotish odati insonning ruhiy salomatligini ham izdan chiqarishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Farovonlikni saqlab qolish uchun u bir vaqtda, yaxshisi yarim tungacha uxlashga yotishni va kuniga kamida 7-9 soatlik uyquni tavsiya qiladi.







