Lifestyle

Koinotning oxiri kutilganidan ancha tezroq keladi

Olimlar koinotning tugash muddatini hisoblab chiqishdi.

Koinotning oxiri kutilganidan ancha tezroq keladi

 

Koinot abadiy yashaydi degan tasavvurimiz yana bir bor shubha ostida. Niderlandiyaning Radboud universiteti olimlari tomonidan olib borilgan yangi ilmiy tadqiqotga ko‘ra, koinotning yo'q bo'lib ketishi ilgari hisoblangandan ancha oldin sodir bo‘lishi mumkin.

 

Nufuzli Journal of Cosmology and Astroparticle Physics jurnalida e’lon qilingan maqola koinotning uzoq umr ko‘rishi haqidagi fikrlarimizni qayta ko‘rib chiqishga undamoqda. Tadqiqot qora tuynuklar bo‘yicha yetakchi mutaxassis Xeino Falke, fizik Maykl Vondrak va matematik Valter van Suylek rahbarligida amalga oshirildi.

 

Ular qora tuynuklar, neytron yulduzlar va Xoking nurlanishi kabi murakkab kosmik hodisalarni inobatga olgan yangi model asosida hisob-kitob qilishdi. Natijada, koinotning to‘liq yo‘q bo‘lishi 10⁷⁸ yil ichida yuz berishi aniqlangan. Bu ko‘rsatkich ilgari e’lon qilingan 10¹¹⁰⁰ yillik prognozga nisbatan nihoyatda qisqaroqdir.

 

“Koinotning oxiri kutilganidan ancha tezroq bo‘ladi, lekin xayriyatki, bu hali ham juda uzoq vaqt talab etadi”,— deydi olim Xeino Falke.

 

Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, mavjudlikni eng so‘nggi tark etadigan obyektlar — oq mitti jismlar bo‘ladi. Quyoshga o‘xshash yulduzlarning zich qoldiqlari bo‘lgan bu jismlar ham nihoyat yo‘q bo‘lib, koinot hayotiga yakun yasaydi.

 

Yana bir qiziqarli tafsilot: tadqiqotda Oy taqdiri ham hisobga olingan. Olimlarning aniqlashicha, Oy 10⁹⁰ yil ichida butunlay bug‘lanadi. Bu esa uni koinotdagi eng so‘nggi “yo‘qoluvchi” obyektlardan biriga aylantiradi.

Koinotning oxiri kutilganidan ancha tezroq keladi | Zamon.uz