Lifestyle

Yangi Rim Papasi kim?

U hayotining katta qismini Peru xalqiga bag‘ishlagan.

Yangi Rim Papasi kim?

8-may kuni Vatikan tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldi. Rim-katolik cherkovining 267-Papasi etib kardinal Robert Frensis Prevo saylandi. U o‘ziga Lev XIV ismini oldi va shu tariqa, tarixda birinchi bor AQSh fuqarosi Papa lavozimini egalladi.

 

Yangi Papani tanlash jarayoni bo'lgan konklavda 133 nafar kardinal qatnashdi. To‘rtinchi ovoz berish bosqichida Prevo ko‘pchilikning ovozini olib, yangi cherkov rahbari bo‘ldi. An’anaga ko‘ra, bu xabar Sikstin kapellasining tomidan ko‘tarilgan oq tutun orqali e’lon qilindi. Butun dunyo navbatdagi Papani shu tarzda tanidi.

 

Robert Prevo 1955-yil 14-sentabrda Chikagoda tug‘ilgan. Uning kelib chiqishi fransuz, italyan va ispan xalqlariga borib taqaladi. U diniy ta’limni Avliyo Avgustin ordeni maktabida boshlagan, Villanova universitetida matematika bo‘yicha tahsil olgan va Rimda kanonik huquq sohasida chuqur bilim olgan. Hayotining katta qismini Peru xalqiga bag‘ishlab, u yerda cherkov va ta’lim tizimida faol xizmat qilgan. So‘ngra AQShda ham cherkovdagi yetakchi lavozimlarda ishladi. 2023-yilda kardinal unvonini oldi. 2025-yil boshida esa cherkov irarxiyasidagi eng yuqori darajalardan biri — kardinal-episkoplikka ko‘tarildi.

 

Endilikda u butun dunyo katoliklarga yo‘l ko‘rsatuvchi inson sifatida yangi davrni boshlab bermoqda.

 

                                                                                                                                    Jumayeva Shahzoda

Yangi Rim Papasi kim? | Zamon.uz