Lifestyle

Ayollar orasida ommalashgan smuzi haqidagi haqiqatlar

Sog‘lom tanlov — sog‘lom hayotga qo‘yilgan ilk qadmdir.

Ayollar orasida ommalashgan smuzi haqidagi haqiqatlar

Bugungi kunda sog‘lom turmush tarzini tanlagan ayollar orasida smuzi ichimligi keng ommalashmoqda. U sport zalida, ishxonada, uyda yoki yo‘lda tez tayyorlanadigan, to‘yimli va foydali ichimlik sifatida tanlanmoqda. Smuzi — bu yangi yoki muzlatilgan mevalar, yogurt, asal, urug‘lar, yong‘oqlar kabi mahsulotlardan tayyorlanadigan silliq va sovuq ichimlik bo‘lib, foydali parhez taomlar sirasiga kiradi. U qulayligi, tez tayyorlanishi va tarkibining xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Aynan shu jihatlari uni zamonaviy ayollar orasida mashhur ichimlikka aylantirdi.

 

Integrativ Tibbiyot mutaxassisi, nutrisiolog-dietolog Sobira Tursunboyeva smuzi haqida quyidagicha fikr bildiradi: “Smuzilar ayollar salomatligi, vazn nazorati va teri holati uchun juda foydali ichimlikdir. Ammo qanday, qancha va qachon ichishni to‘g‘ri belgilamaslik foyda o‘rniga zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, oshqozon muammolari, qandli diabet yoki semizlikka ega ayollar uni mutaxassis nazoratida ichishlari kerak.”

 

Agar ayol sog‘lom bo‘lsa, smuzini haftasiga 3–4 marta ichish mumkin. Agar tarkibida shakar, asal yoki yog‘li qo‘shimchalar bo‘lmasa, har kuni ichish ham zarar qilmaydi. Faqat mevalardan tayyorlangan smuzi organizmda glyukoza yukini oshiradi, shu sababli meva va sabzavot aralashmasi eng maqbul hisoblanadi. Masalan, seldrey, kivi va yashil olma kombinatsiyasi yaxshi tanlovdir.

 

Smuzi nonushta o‘rnini bemalol bosa oladi, lekin faqat to‘g‘ri tarkibda bo‘lsa. Ichimlik tarkibida oqsillar (yogurt, grek yogurt, protein kukuni, pista/yong‘oqlar), murakkab uglevodlar (suli, zig‘ir urug‘i) va sog‘lom yog‘lar (avakado, chia urug‘i) bo‘lishi kerak. Aks holda, faqat mevali smuzi tez ochlikka va insulinning keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, uzoq muddat faqat smuzi iste’moli ayollarda hayz siklining buzilishiga ham olib kelishi mumkin.

 

Smuzini ichish uchun eng yaxshi vaqt ertalab soat 7:00 dan 9:00 gacha bo‘lgan oraliq sanaladi. Bu vaqt ichimlikdan eng ko‘p energiya olish imkonini beradi. Shuningdek, sport mashg‘ulotidan keyin yoki kechki yengil ovqat o‘rniga ichish ham foydalidir. Eng yomon vaqt esa ovqat ustiga yoki kechki soat 21:00 dan keyin bo‘lib, bu vaqtda ichilgan smuzi hazm muammolari va ortiqcha kaloriya keltirib chiqarishi mumkin.

 

Parhez tutayotgan ayollar uchun kaloriyasi va glyukemik indeksi past mevalarni tanlash muhim. Masalan, ko‘k mevalar (черника), malina, qulupnay, greypfrut, limon, kivi, nok, yashil olma va avakado tavsiya etiladi. Banan, mango, uzum, anor va quritilgan mevalar esa yuqori kaloriya va qondagi shakar miqdorini tez oshirishi sababli cheklanishi kerak.

 

Smuzi — to‘g‘ri tayyorlansa, organizm uchun ajoyib foyda keltiradigan ichimlikdir. Biroq uni ortiqcha iste’mol qilish yoki muvozanatsiz tarkib tanlash sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, parhez tutayotganlar yoki salomatligida muammosi bor insonlar uni mutaxassis maslahatiga asoslanib ichishlari lozim. Sog‘lom tanlov — sog‘lom hayotga qo‘yilgan ilk qadmdir.

 

                                                                                                                                                           Diyora Nazarova

Ayollar orasida ommalashgan smuzi haqidagi haqiqatlar | Zamon.uz