Sog’lom va Go’zal qo’llar uchun parvarish sirlari
To‘g‘ri parvarish – sog‘lom, yumshoq va chiroyli terining kalitidir.

Erkak kishining qo‘li dag‘al, qurishgan va qotgan bo‘lishi mumkin. Bu erkaklarga xos tabiiy jarayon. Chunki erkakning qo‘li – mehnat timsoli. Bu qo‘llar yer chopadi, temir ushlaydi, bolalarni ko‘taradi, ro‘zg‘orni yuritadi. Shu sababli ularning terisi dag‘allashadi — bu esa faxrli mehnat izidir.
Ayol qo‘lining tarovati esa – bu nafaqat tashqi ko‘rinish, balki uning o‘ziga, sog‘lig‘iga va atrofdagilarga bo‘lgan mehr-muhabbatidan darak beradi. Qo‘llar kun davomida eng ko‘p ishlatiladigan tana a’zolaridan biri bo‘lib, doimiy tashqi ta’sir ostida qoladi. Natijada teri noziklashadi, quriydi va sezuvchan bo‘lib qoladi.
Fransiyada go‘zallik – soddalik, nafislik va tabiiylik bilan uyg‘unlashadi. Fransuz ayollari uchun qo‘l parvarishi kundalik go‘zallik rutinasining ajralmas qismidir. Har kuni namlovchi krem, quyoshdan himoyalovchi vositalar va tabiiy manikyur ularning odatiga aylangan. Ular sun’iylikdan yiroq bo‘lishga intilishadi.
Fransuz ayollariga ko‘ra, qo‘l inson haqida ko‘p narsani aytib bera oladi. Ular harakatlardagi nafislikka e’tibor berishadi: stakanni ushlash, kitob varaqlash kabi mayda detallarda go‘zallik namoyon bo‘ladi. Bu go‘zallikning eng nozik, ammo muhim ifodasidir.
Qo‘l terisining zaiflashishiga bir nechta omillar sabab bo‘ladi: sovuq havo, shamol, quruq iqlim, kimyoviy tarkibli sovunlar, tez-tez suv bilan aloqa qilish, A, E, D vitaminlari yetishmovchiligi, allergik vositalar va yoshga bog‘liq o‘zgarishlar.
Qo‘l terisini sog‘lom saqlash uchun har kuni maxsus namlantiruvchi kremdan foydalanish zarur. Uy ishlarida yoki sovuq havoda rezina yoki issiq qo‘lqop kiyish foydali. Tabiiy tarkibli, hipoallergen vositalar teriga zarar yetkazmaydi. Shuningdek, sog‘lom ovqatlanish – vitaminlar, foydali yog‘lar va yetarlicha suv iste’moli – terining ichki namligini ta’minlaydi. Uy sharoitida asal, zaytun yog‘i, bodring yoki kartoshkadan tayyorlangan niqoblar terini yumshatishda yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, qo‘llarimiz – bizning eng faol yordamchilarimizdir. Ular nafaqat kundalik hayotdagi jismoniy harakatlarimizni bajaradi, balki biz haqimizda ko‘p narsani “so‘zlab” beradi. Shu sababli qo‘llar ham alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikka loyiqdir. To‘g‘ri parvarish – sog‘lom, yumshoq va chiroyli terining kalitidir.
Asqarova Maftunaxon







