Lifestyle

“O‘zingizni hurmat qiling, o‘zgalarga ehtirom ko‘rsating”

Rim Papasining vafotidan oldin yozib qoldirgan maktubi eʼlon qilindi.

“O‘zingizni hurmat qiling, o‘zgalarga ehtirom ko‘rsating”

“Kasalxona devorlari cherkov devorlariga qaraganda ko‘proq samimiy duolarni eshitgan... Aynan kasalxonada o‘ziga to‘q vrach qashshoq bir kimsaning hayotini saqlab qolganligini ko‘rish mumkin. Reanimatsiyada yahudiy shifokor yahudiylar dushmaniga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Politsiyachi va mahbus bir palatada yotib, bir xil yordam oladi. Jigar ko‘chirib o‘tkazishni kutib yotgan boy-badavlat inson kambag‘al bir donorning jigarini qabul qilishga shay bo‘lib turadi. Ilohiy donishmandlik boshiga ish tushgan turli ijtimoiy muhitga mansub odamlar taqdirini kasalxonada o‘zaro kesishtiradi.

 

Taqdirning odamlarni bunday yuzma-yuz keltirishida yolg‘iz o‘zimiz hech narsaga yaramasligimizni tushunib yetamiz. Kasalxona – bu odamlar yuzlaridan niqobni yechib, qanday bo‘lsalar shundayliklaricha o‘zlarining asil basharalarini namoyish qiladigan joy.

 

 

 

 

Bu hayot tez o‘tib ketadi, shu bois uni odamlar bilan kurashishga sarflamang. O‘z vujudingizga hadeb tanqidiy ko‘z bilan qarayvermang. Haddan ziyod noliyvermang. Pullaringiz saqlanayotgan bank hisob raqamlarini o‘ylayverib uyqungiz qochmasin. Yaqinlaringizni albatta quchib, o‘pib qo‘ying. Uyingiz bekam-ko‘st, saranjom-sarishta bo‘lishini o‘ylab hadeb siqilavermang. Moddiy boyliklar har bir insonning o‘zi tomonidan halol mehnat bilan ishlab topilishi kerak – meros yig‘ish va qoldirishga mukkangizdan ketmang. Siz juda ko‘p narsani kutasiz va orzu qilasiz: bayramlarni, juma kunini, yangi yilni, hamyoningizda pul bo‘lishini, hayotingizga muhabbat kirib kelishini, qachon hamma narsa mukammal (ideal) bo‘lishini... Yaxshilab qulog‘ingizga quyib oling: bu dunyoda mukammallik yo‘q! Inson mukammallikka erisha olmaydi, chunki odamzod mukammal yaratilmagan. Bizga faqat hayotdan taʼlim olish imkoniyati berilgan.

 

O‘zingizni hurmat qiling, o‘zgalarga ehtirom ko‘rsating. Taqdir peshonangizga yozgan yo‘ldan yuring, boshqalar siz uchun tanlagan yo‘lga qadam bosmang. Tanbeh bermang, hukm chiqarmang, birovning ishiga aralashmang – odamlarni hurmat qiling. Odamlarni ko‘proq yaxshi ko‘ring, ko‘proq kechiring, ularni ko‘proq bag‘ringizga bosing – badastir hayot kechiring!

 

Qolgan barchasi esa Yaratgan Egamning qo‘lida”, deb yozgan Papa Fransisk.

 

                                                                                                                                         Jaloliddin Safoyev tarjimasi

“O‘zingizni hurmat qiling, o‘zgalarga ehtirom ko‘rsating” | Zamon.uz