Dunyoda 300 millionga yaqin inson ochlik xavfi ostida
Global inqiroz haqida tahliliy hisobot eʼlon qilindi.

2024-yilda yuzaga kelgan qurolli mojarolar, iqlim o‘zgarishlari, global iqtisodiy tanglik va gumanitar yordamlarning qisqarishi dunyo bo‘ylab oziq-ovqat xavfsizligini jiddiy tahdid ostida qoldirdi. Britaniyaning The Guardian nashri xalqaro tahlillarga asoslanib bergan yangi hisobotga ko‘ra, taxminan 300 millionga yaqin inson ochlik xavfi ostida qolmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 13,7 million kishi surunkali oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda. Kuchli oziq-ovqat tanqisligi holatida yashayotgan insonlar soni esa 295,3 million kishiga yetgan bo‘lib, bu 53 mamlakat aholisi orasida 22,6 foizni tashkil qiladi. Jabrlangan aholining 95 foizdan ortig‘i G‘azo sektori va Sudan hududlarida istiqomat qiladi.
Sudanda fuqarolar urushi sababli mamlakatda rasmiy ocharchilik holati e’lon qilingan. Hozirda 24 milliondan ortiq fuqaro oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda. G‘azo sektorida esa o‘tish nuqtalarining yopilishi, gumanitar yordam blokadasi va otishmalar kelishuvi buzilishi oqibatida 2,1 million kishi ochlikning kritik darajasida qolmoqda.
Myanma, Nigeriya, Kongo Demokratik Respublikasi kabi 19 davlatda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar ham oziq-ovqat xavfsizligini yanada yomonlashtirmoqda. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi tufayli Efiopiya, Keniya, Somali, Afg‘oniston va Pokistonda qurg‘oqchilik xavfi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Bundan tashqari, USAID tomonidan moliyaviy yordamning to‘xtatilishi oqibatida Sudan, Yamayka va Gaitida 14 milliondan ortiq bola oziq-ovqat xizmatlarisiz qolgan. Bu esa ularning qashshoqlik va o‘lim xavfini oshirishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, global miqyosda hamkorlik kuchaytirilmasa va gumanitar tizimlar tiklanmasa, insoniyat misli ko‘rilmagan oziq-ovqat falokatiga duch kelishi mumkin.







