“Bonu”: halol yashash, matonat va bardosh haqida kitob
Asar o‘zining betakror uslubi va kuchli obrazlari ajralib turadi.

Noto‘g‘ri yo‘lning boshi oson va lazzatli bo‘lgani bilan nihoyasi azobdir. Ammo halol yo‘lning rohatini uning oxirida his qilasan. Iqbol Mirzoning “Bonu” asari o‘zining betakror uslubi, kuchli obrazlari va insoniy his-tuyg‘ularni ifodalashdagi yuksak mahorati bilan ajralib turadi.
Asarda Bonu ismli yosh qiz hayoti orqali o‘quvchiga ijtimoiy va shaxsiy muammolar chuqur yoritiladi. U bobosining o‘gitlari va ota-onasining mehrida ulg‘aygan, kitob va sheʼriyatga oshno qiz edi. Orzusi ro‘yobga chiqib, shahardagi universitetga o‘qishga qabul qilinadi. U yerda Olmos ismli sheʼriyatga qiziquvchan yigit bilan tanishadi va ular orasida iliq munosabatlar boshlanganidek tuyuladi.
Ammo voqealar kutilmagan tarzda o‘zgaradi. Bonu og‘ir dardga chalinib, yuzini oq dog‘lar bosgach, jamiyat undan yuz o‘giradi. Go‘zalligi bilan mahalladoshlarini maftun etgan qiz birdan yolg‘izlikka duchor bo‘ladi. Hatto Olmos ham undan voz kechadi. Bu holat “qalb go‘zalligi muhim” degan iboraning ko‘pchilik uchun faqat so‘zda qolganini isbotlaydi.
Bonu barcha og‘irliklarga qaramay, halol yo‘lni tanlaydi. Yolg‘izlikda ham, chet elda musofirlikda ham, u bu hayot kurashini to‘xtatmaydi. Hech kimdan yordam kutmay, onasini taʼminlashga, yordamga muhtojlarga ko‘mak berishga harakat qiladi. Hatto unga xiyonat qilgan Olmosga ham beminnat yordam ko‘rsatadi.
Bonu timsolida ayolning matonati, vafosi, muhabbati va insoniylik fazilatlari to‘laqonli aks etgan. U o‘zga yurtda Shoira va Ruxsoraga yordam beradi, Lora va Laraning hayotini saqlab qoladi.
Bu asar – barcha ayol va qizlarimiz uchun saboq va ibrat manbayi. Bonuning timsolida halol yashash, matonat bilan bardosh berish, mehr va insoniylik ustuvor bo‘lgan hayot falsafasi gavdalanadi.
Ahmadjonova Muslimabonu







