"Nissan" bir nechta zavodlarini yopadi
Kompaniya xarajatlari qisqartiriladi.

Yaponiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi "Nissan" mamlakatdagi hamda xorijdagi zavodlarining bir qismini yopishga qaror qildi. Kompaniya bu chorani ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uchun ko‘rmoqda.
Yaponiyada birinchi bo‘lib 1961-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Oppama zavodi yopiladi. Yana yopilishi mumkin bo‘lgan zavodlardan biri — Senane shahrida joylashgan ishlab chiqarish korxonasi. Bu zavod "Nissan"ning to‘liq egaligida emas, balki kompaniya uning faqat bir qismini nazorat qiladi. Shu sababli ham u yopiladigan obyektlar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Har ikkala obyekt ishlab chiqarish hajmining qisqarishi tufayli yopilishi mumkin.
Optimallashtirish doirasida xorijdagi bir nechta korxonalar ham yopilishi rejalashtirilmoqda. Xususan, Janubiy Afrika, Hindiston, Argentina va Meksikadagi ishlab chiqarish nuqtalari qisqartiriladi. Kompaniya bu orqali joriy moliyaviy bosimni kamaytirishni va kelajakda yanada samarali faoliyat yuritishni maqsad qilgan.







