Onaga nisbatan xafagarchilik: u hayotimizga qanday ta'sir qiladi?
Psixologlar buning bir nechta salbiy oqibatlarini ochiqlashdi.

Olimlarning ta'kidlashicha, onaga nisbatan xafagarchilik inson ruhiyati va ijtimoiy hayotiga chuqur ta'sir ko'rsatadi. Psixologik tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, bolalik davrida onadan yetarlicha mehr, qo‘llab-quvvatlash va ishonch ololmagan shaxslar katta hayotda o‘zini past baholash, ishonchsizlik, va depressiyaga moyillik kabi holatlarga duch kelishadi.
Onaga nisbatan xafagarchilik — ko‘plab insonlar boshdan kechiradigan, ammo ko‘pincha ichga yutilgan murakkab va og‘riqli tajriba. Bu faqat biror kichik janjal emas — bu insonning hissiy olamida, ruhiy barqarorligida va hatto jismoniy salomatligida chuqur iz qoldirishi mumkin. Ayniqsa, bolaning shaxsiyati va ruhiy rivojlanishida asosiy rol o‘ynovchi onaning sevgisi yoki e’tibori yetishmasa, bu bo‘shliq yillar o‘tib ham to‘ldirilmas jarohatga aylanishi mumkin.
Ona bilan bog‘liq g‘azab, alam yoki dard ich-ichiga yutib kelinadi, tashqi tomondan zararli bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin, ammo u ichkarida yonib turgan cho‘g‘dek yillar o‘tib ham azob berishda davom etadi.
Xafagarchilik quyidagi yo‘llar bilan inson hayotini izdan chiqarishi mumkin:
1. O‘zini past baholash: Agar bola onasidan yetarlicha mehr, qo‘llab-quvvatlash va e’tibor olmasa, u o‘z qadr-qimmatiga shubha bilan qaray boshlaydi. Bu o‘ziga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga, shaxsiy va ijtimoiy hayotda muammolarga olib keladi.
2. Sog‘lom munosabatlar qurishda qiyinchilik: Bolaligida hissiy e’tibordan mahrum bo‘lgan inson keyinchalik yaqinlikdan qo‘rqishi, ishonchli munosabatlar o‘rnata olmasligi mumkin. Bu hattoki o‘z oilasini qurishda ham to‘siqlarga olib keladi.
3. Psixologik muammolar: Uzoq davom etgan xafagarchilik depressiya, xavotir va g‘azabga aylanishi mumkin. Inson ichida to‘planib qolgan salbiy tuyg‘ular boshqalarga yoki o‘ziga nisbatan tajovuzkorlikka olib keladi.
4. Aybdorlik hissi va somatik kasalliklar: Onaga nisbatan g‘azab aralash xafagarchilik ko‘pincha aybdorlik tuyg‘usi bilan qorishadi. Bu esa psixologik muammodan somatik, ya’ni jismoniy kasalliklarga aylanishi mumkin. Ayrim mutaxassislar, jumladan onkopsixologlar, bu kabi xafagarchilikni inson hayotidagi eng og‘ir hissiy jarohatlardan biri sifatida baholashadi.
Bu mavzu chuqur va nozik. Onaga nisbatan xafagarchilik nafaqat ichki tinchlikni buzadi, balki o‘zini anglash, o‘zini qadrlash, boshqa insonlar bilan munosabat qurish va umuman, hayotga bo‘lgan munosabatga ta’sir ko‘rsatadi.
Ammo bu jarohatdan xalos bo‘lish mumkin. Psixolog bilan ishlash, ushbu his-tuyg‘ularni aniqlab, ularni anglash va ular bilan sog‘lom tarzda ishlash imkonini beradi. Bu esa sog‘lom va baxtli hayot sari birinchi qadam bo‘lishi mumkin.







