Lifestyle

“Skafandr va kapalak”: Iroda kuchi va hayotni sevish haqida film

Ushbu kartina tomoshabinni qulaylik hududidan chiqaradi.

“Skafandr va kapalak”: Iroda kuchi va hayotni sevish haqida film

Hayotda eng qiyin sinovlar – bu nafaqat jismoniy, balki ruhiy qamal holatlaridir. Fransuz rejissyori Julian Schnabel tomonidan suratga olingan “Skafandr va kapalak” filmi aynan shunday qamal haqida. Bu film meni chuqur o‘ylashga, o‘zimga savol berishga, hayotni boshqacha his qilishga undadi.

 

Film real hayotiy voqea asosida suratga olingan. Uning markazida mashhur “Elle” jurnali bosh muharriri Jean-Dominique Bauby hayoti yotadi. Bauby 1995 yilda insult tufayli “locked-in syndrome” deb ataladigan og‘ir kasallikka chalinadi. Bu kasallik odamni to‘liq falajlaydi: u gapira olmaydi, harakatlana olmaydi, lekin aqli mutlaqo sog‘lom bo‘ladi. U butun dunyo bilan faqat chap ko‘zi orqali aloqa qiladi.

 

Tasavvur qiling, tanangiz butunlay falaj, lekin ong, his-tuyg‘ular, orzular va xotiralar to‘la hayot kechiradi. Baubyning o‘zi buni “skafandr” ichida qamalgan odamdek tasvirlaydi. Uning ruhi esa kapalakdek erkin uchmoqda.

 

 

 

 

Film tomoshabinni odatiy tomoshabin holatida qoldirmaydi. Aksincha, biz Baubyning ko‘zlari orqali atrof-muhitni ko‘ramiz. Kamera uning nigohi sifatida harakat qiladi. Bu esa nafaqat voqeani tomosha qilish, balki uni his qilishga majbur qiladi. Filmni tomosha qilish jarayonida men o‘zimni ham go‘yo Baubyning joyida his qildim: gapira olmaydigan, lekin har bir tovush, nur, xotira va hisni chin yurakdan anglaydigan insondek.

 

Bu juda qiyin va bir vaqtning o‘zida ajoyib tajriba edi. Chunki bu film tomoshabinni qulaylik hududidan chiqaradi. Hayotni o‘zimiz egallab olgandek qabul qilishimizni, kichik narsalarni qadrlamasligimizni yuzimizga aytadi.

 

“Skafandr va kapalak" — bu nogironlik haqida emas. Bu inson ruhining sinmasligi, iroda kuchi va hayotni sevish haqida. Bauby falajlangan holatda butun bir kitob yozishga muvaffaq bo‘ladi. Har bir harfi — uning chap ko‘zining harakati orqali yoziladi. Bu esa oddiy so‘zlarning ham naqadar ulkan mehnat va sabr-toqat orqali yaratilganini ko‘rsatadi.

 

Meni hayratga solgani — Baubyning o‘z ahvolini achinish bilan emas, balki hayotning boshqa tomonlarini qayta kashf etish vositasi sifatida qabul qilganidir. U xotiralari, tasavvurlari va his-tuyg‘ulari orqali o‘z “skafandr”idan chiqib, kapalakdek erkin uchadi.

 

 

 

 

Bu film menga juda muhim saboqlar berdi. Birinchi saboq — tanangiz harakatlanmasa ham, tafakkur va qalb erkinligini hech kim sizdan tortib ololmaydi. Ikkinchisi — hayotning har bir lahzasi bebaho. Biz ko‘pincha bu narsalarni unutib qo‘yamiz.

 

Filmning har bir kadri, har bir monologi menga o‘zimni qayta anglash imkoniyatini berdi. Hatto hozir men ushbu taqrizni yozar ekanman, har bir so‘zni chin dildan his qilayapman. Chunki Baubyning ko‘zi orqali ko‘rgan olam menga ham begona emasligini angladim.

 

“Skafandr va kapalak” — bu oddiy film emas. Bu insonning o‘zi bilan bo‘lgan eng katta kurashi haqida dars. Bu film tomoshabinga savol beradi: “Siz haqiqiy hayotni his qilyapsizmi?”

 

Bu savolni men ham o‘zimga berdim. Ishonchim komilki, siz ham shu savolni o‘zingizga berasiz.

 

                                                                                                                                                    Jumayeva Shahzoda

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"