Turkiyada musiqiy yo‘l qurildi
Unda transport vositalari harakati bilan kuy chalinadi.

Turkiyaning Transport va infratuzilma vazirligi mamlakatda ilk bor musiqiy yo‘l loyihasini amalga oshirdi. Ushbu innovatsion yo‘l Anqaraning Nallihan tumanida qurilgan bo‘lib, haydovchilarning e’tiborini jalb qilish va xavfsiz harakatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Vazir Abdulqodir Uralo‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, yo‘lga maxsus belgilar va teshiklar o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali avtomobillar o‘tganda tebranish va ovoz hosil bo‘ladi. Transport vositasi belgilangan tezlikda harakat qilganida, ushbu tebranishlar musiqiy ohangga aylanadi.
Loyiha yo‘llarda xavfsizlikni oshirishga, haydovchilarning tezlikni me’yorda saqlashiga yordam berishi kutilmoqda. Tizim haydovchilarni ortiqcha tezlikdan qaytarishga va yo‘l harakati madaniyatini oshirishga xizmat qiluvchi texnologik yangilik sifatida baholanmoqda.







