Lifestyle

Xodimni ishdan bezdiruvchi sabab va oqibatlar

“O‘zimni majburlab ishlayapman” degan ibora og‘ir tuyulsada, bu holat vaqtinchalik bo‘lishi mumkin.

Xodimni ishdan bezdiruvchi sabab va oqibatlar

Baʼzida uyg‘onishning o‘zi ham katta g‘alaba bo‘lib tuyuladi. Qulog‘imga budilnikning jarangdor ovozi emas, balki ichki qarshilikning jimjit g‘amgin sadosi eshitiladi: Yana bir kun. Yana mehnat. Yana o‘zimni majburlash.

 

Nega ishga boraman? Nega bu ishni qilyapman? Nega biror narsa qilishim uchun o‘zimni majburlashim kerak? Bu savollar ko‘pchilik uchun tanish. Ayniqsa, ish ruhi yo‘qolganda, harakat ichki istakdan emas, tashqi majburiyatdan kelib chiqqanda. Ishda xodimlar stressiga turli omillar sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, ishdagi bosim: Haddan tashqari ko‘p ish yoki juda yuqori talablar xodimlarning stressini oshiradi. Bu ularni charchatib, ishga qiziqishlarini yo‘qotishga sabab bo‘ladi.

 

Kam taqdirlash va rag‘batlantirish: Agar xodimlar o‘z mehnatlari uchun yetarlicha tan olinmasa yoki rag‘batlantirilmasa, ular o‘zlarini kam baholangan va umidsiz his qilishlari mumkin.

 

Monotonlik: Agar ishda yangilik va o‘zgarishlar bo‘lmasa, ishga nisbatan qiziqish yo‘qoladi.

 

Ish muhitining yomonligi: Kollektivdagi ziddiyatlar, rahbarning qo‘l ostida bo‘lgan ishchilarga nisbatan yomon munosabati yoki notinch muhit ham xodimlarni o‘z ishlaridan bezdirishi aniq.

 

Ochiq muloqot yetishmasligi: Fikr bildirishga, muammolarni aytishga sharoit bo‘lmasa, xodim o‘zini yakkalashni boshlaydi.

 

Adolatsizlik yoki diskriminatsiya: Tengsizlik, favoritizm (yaqindan tanishlarni afzal ko‘rish) demotivatsiyaga olib keladi.

 

Maoshdan qoniqmaslik: Mehnatga yarasha haq to‘lanmasa, ishga nisbatan befarqlik kuchayadi.

 

Karyera o‘sishi va rivojlanish imkoniyatining yo‘qligi: Kelajakda o‘sish umidi bo‘lmasa, motivatsiya pasayadi.

 

Nega davom etamiz? Shularga qaramay, biz ishlashda davom etamiz. Sabablari turlicha: oilani boqish, orzular sari yo‘l olish, masʼuliyatni his qilish yoki shunchaki tizimda yashash. Har kimning o‘z kurashi, o‘z yuragidagi og‘irligi bor. O‘zimni majburlash – bu baʼzida bardosh belgisi, baʼzida esa ichki o‘zgarish zaruriyatining belgisi.

 

 

 

 

Ish faoliyati davomida ko‘plab stressga duch keladigan davlatlar misolida Avstraliyani aytshimiz mumkin. Dunyo bo‘yicha eng yuqori charchoq darajasi kuzatilgan, aholining yarmi ishdagi stress tufayli charchoqni boshdan kechirgan hamda Germaniya ishchilarning 41 foizdan yuqorisi stress darajasini bildirgan, bu Yevropa o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori. AQSH ishchilarning 83 foizi ish bilan bog‘liq stressni boshdan kechirgan, bu esa salomatlik va ishlab chiqaruvchanlikka salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

 

Ish joyidagi stresslar bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi.

 

Sog‘liq muammolari: Ishdagi stress yurak-qon tomir kasalliklari, uyqusizlik va ruhiy salomatlik muammolariga olib keladi.

 

Ishdan ketish: Stress tufayli ishchilarning 42% ish joyini tark etgan.

 

Ish samaradorligini pasayishi: Stress ishchilarning diqqatini jamlash qobiliyatini kamaytiradi va ishlab chiqaruvchanlikni pasaytiradi.

 

Ishdagi stressni bir nechta yo‘llar bilan yengish mumkin.

 

1. Ish rejasini tuzish, ustuvorliklarni belgilash. Har kuni aniq maqsadlar qo‘yish va ularga erishishga eʼtibor qaratish kerak.

 

2. Ish orasida qisqa tanaffuslar qilish (pomodoro texnikasi). Ishdan keyin sifatli dam olishga vaqt ajratish.

 

3. Sport bilan shug‘ullanish (yurish, yugurish, yoga). Jismoniy faollik stress garmonlarini kamaytiradi.

 

4. Meditatsiya va nafas mashqlari. Kuniga bir necha daqiqa ongni tinchlantirish.

 

5. Ishni ish joyida qoldirishga harakat qilish. Oilaviy turmush tarzini va ishni muvozanatda saqlash kerak.

 

Shuningdek, turli treninglar, seminarlar, ko‘nikma oshirish kurslari, xodimga o‘sish yo‘li borligini ko‘rsatish ularning o‘z kasblariga bo‘lgan samaradorligini oshirishga yordam beradi. Xodimlar uchun maxsus psixologik maslahat xizmatlari, shu orqali tashkilot yoki kompaniya o‘z xodimlariga ko‘maklasha olishi mumkin.

 

“O‘zimni majburlab ishlayapman” degan ibora og‘ir tuyulsada, bu holat vaqtinchalik bo‘lishi mumkin. Asosiysi – bu holatni anglash, qabul qilish va asta-sekin unda o‘zgarish qilishga urinib ko‘rishdir.

 

                                                                                                                                        Ahmadjonova Muslimabonu

Xodimni ishdan bezdiruvchi sabab va oqibatlar | Zamon.uz