Yangi metro yo‘nalishining qurilishi 15-iyundan boshlanadi
Yangi liniya yo‘ldagi tirbandliklarning oldini oladi.

TTZ dahasigacha olib boriladigan metro yo‘nalishi loyihasini qurish ishlari joriy yilning 15-iyunidan boshlanadi va 2026-yilning oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda. Bu haqida transport vaziri Ilhom Mahkamov maʼlum qildi.
Shuningdek, Toshkentni Yangi Toshkent bilan bog‘lash uchun “Do‘stlik” bekatidan yangi metro yo‘nalishi quriladi.
“Biz prezidentga “Pushkin” metro bekatidan TTZ mavzesigacha, yangi 10 km.dan oshiq bo‘lgan metro yo‘nalishi loyihasini taqdimot qildik. Aynan TTZ yo‘nalishi tanlanganining sababi Toshkentga asosan odamlar oqimi shu tarafdan Chirchiq, G‘azalkentdan keladi. Bu metro loyihasining qurilishi yo‘ldagi tirbandliklarni oldini olishga va odamlarga qo‘shimcha sharoitlar yaratadi”, - deydi vazir.







