Kelajakda ishsiz qolamizmi?
Sun’iy intellekt dunyo ish o‘rinlarining to‘rtdan biriga ta’sir qilishi mumkin.

Dunyo ish joylarining 25 foizigacha bo‘lgan qismi generativ sun’iy intellekt (AI) ta’siriga uchrashi mumkin. Bu haqda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Polshaning NASK milliy tadqiqot institutining yangi qo‘shma hisobotida ma’lum qilindi.
2024-yil 20-mayda e’lon qilingan hisobotda sun’iy intellekt turli kasblarga qanday ta’sir qilayotgani indeks shaklida baholangan. 30 mingga yaqin professional vazifa o‘rganilgan mazkur tadqiqot global mehnat bozoriga AI’ning real ta’sirini aniqlash bo‘yicha eng batafsil tahlil hisoblanadi.
Kasblar o‘zgaradi, ammo to‘liq yo‘qolmaydi
Tadqiqot mualliflaridan biri, XMT katta ilmiy xodimi Pavel Gmirekning ta’kidlashicha, bu texnologiyalarning asosiy ta’siri odamlarni kompyuterlar bilan to‘liq almashtirish emas, balki ish vazifalarining tarkibiy o‘zgarishi bo‘ladi.
“Biz AI’ning real ish joylariga ta’sirini baholash uchun nazariyani amaliyot bilan uyg‘unlashtirdik. Bu metodika mamlakatlarga xavflarni aniqlash va samarali strategiyalar ishlab chiqishda yordam beradi”, — dedi Gmirek.
Qaysi sohalar eng ko‘p ta’sirda qoladi?
AI eng ko‘p ofis ishlariga ta’sir qiladi — matn, ma’lumot, tahlil va hujjat yuritish kabi vazifalar avtomatlashtirilishga mos tushadi. Shuningdek, moliya, dasturiy ta’minot, ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq kasblar ham xavf ostida.
Rivojlangan davlatlarda bu raqam 34 foizga yetadi. Ayniqsa, ayollar band bo‘lgan kasblar yuqori xavf ostida. Masalan, rivojlangan mamlakatlarda ayollarning 9,6 foizi ishlaydigan sohalar avtomatlashtirilish ehtimoli yuqori bo‘lganlar sirasiga kiradi. Bu ko‘rsatkich erkaklar orasida atigi 3,5 foizni tashkil qiladi.
Kelajakdagi o‘zgarishlarga qanday tayyorlanish kerak?
NASK eksperti Marek Troshinskiy “Yangi indeks qayerda AI ta’siri kuchli bo‘lishini ko‘rsatib beradi, bu esa hukumatlar va ish beruvchilarga moslashish chora-tadbirlarini ko‘rishga yordam beradi”, deya izoh berdi.
Hisobotda hukumatlar, kasaba uyushmalari va kompaniyalar inklyuziv strategiyalar ishlab chiqib, ishchilarning malakasini oshirish, ish o‘rinlarini saqlab qolish va mehnat sifatini yaxshilash choralarini ko‘rishi lozimligi ta’kidlangan.
Bu hisobot XMT va NASK tomonidan generativ AI bo‘yicha e’lon qilinadigan tahlillarning birinchisi bo‘lib, keyingi nashrlarda alohida mamlakatlar kesimida ta’sirlar va tavsiyalar yoritiladi.







