Bugun so‘nggi qo‘ng‘iroq: Yillar o‘tganda... yoxud Siz kimsiz?
Siz kim bo‘ldingiz? Sinfdoshlar tarixiga bir nazar.

Bu statistika qishloq, shahar, viloyat, poytaxt, tog‘, cho‘l, sovxoz, kolxoz va ovullarda bo‘lishidan qatʼi nazar barcha maktablarga birday amal qiladi.
Har bir sinfda: bir baqaloq, bir novcha, bir kalta, bir nihoyatda sho‘x, bir odamovi bolalar bo‘ladi. Shuningdek, bolalar futbolni zo‘r o‘ynovchi, zo‘r mushtlashuvchi (birinchi shef), o‘qituvchilardan hamisha gap eshituvchi toifalarga ham bo‘linishadi.
Qizlarning biri nihoyatda go‘zal bo‘ladi va yigitlarning 80 foizi shunga oshiq bo‘lishadi, qolgan 20 foizi oshiq bo‘lganini bildirishmaydi. Yana qizlar orasida qo‘shiq aytuvchisi, raqsni boplovchi, zo‘r tikuvchi va eng aʼlochilari bo‘ladi. Odatda eng chiroyli eng aʼlochi ham bo‘ladi va yigitlar oshiq bo‘lishlari uchun ikki sabab bor.
Maktabni bitirgandan keyin yillar o‘tib:
Yigitlardan kamida biri albatta Toshkentda yashayotgan, 4-5 nafari Rossiyada yurgan, bittasi Amerikaga yetib borgan bo‘ladi. Eng odamovi deb o‘ylangan bola katta tadbirkorga aylanadi, eng aʼlochining odatda ishi ko‘pam yurishmaydi, futbolni zo‘r o‘ynaydigani choyxonalarni gullatadi.
Qizlarning aksariyati turmushga chiqib bolali bo‘lganiga qaramay bittasining baxti ochilmay turadi, yana kamida ikkitasi ajrashishga ulguradi va uchrashuvlarda erini yomonlaydi.
Qizlarning biri shifokor, kamida ikkitasi o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Bittasi chet elga turmushga chiqib butunlay uzilib ketadi va yana bittasi xuddi yigitlardan biridek Toshkentda yashaydi.
Eng qizig‘i, shu sinfdagi 80 foiz yigitlarni oshiq qilgan qiz mutlaqo boshqa joyga turmushga chiqadi. Sinfdoshlar orasida hayotini bog‘lagan juftliklar juda kam bo‘ladi...
Sinfdoshlar ichida eng boyning bolasi hisoblangani odatda otasining pulini yeb tugatish arafasida bo‘ladi, kambag‘allarning aksariyati shunday qoladi, faqat bittasi, hech kim undan bunday yutuqlarni kutmagani harakat qilib o‘z o‘rnini topib ketadi...
Achinarlisi, bu orada kimdir yosh holida bu hayotni tark etishga ham ulguradi va sinfdoshlar uni eslab yurishadi.
Yana bir absolyut aksioma – yillar o‘tib uchrashilganda ko‘pchilik kelmaydi, kelganlar ham o‘zini noqulay sezadi!
Abror Zohidov







