Telegram eng ko‘p qaysi davlatlarda mashhur?
Bu borada 50 mingdan ortiq foydalanuvchi ishtirokida tadqiqot o'tkazildi.

Buyuk Britaniyaning SOAX kompaniyasi Telegram foydalanuvchilari bo‘yicha olib borgan so‘rov natijalarini e’lon qildi. Tadqiqotda 50 mingdan ortiq foydalanuvchi ishtirok etgan bo‘lib, unda messenjerning mashhurligi, eng faol mamlakatlar va ommabop kanallar haqida ma’lumotlar keltirilgan.
2023-yil iyul oyiga kelib, Telegram 800 million oylik faol foydalanuvchiga ega bo‘lgan. Bu bir yil oldingi holatga nisbatan 14,29 foiz o‘sishni bildiradi. Foydalanuvchilarning 57,5 foizi erkaklar, 42,4 foizi esa ayollar. Premium obunachilar soni esa 5 millionga yetgan.
Telegram’dan eng ko‘p foydalanadigan davlat Hindiston bo‘lib, u yerda ilova 104 million marta yuklab olingan. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (34,4 mln), Indoneziya (27,2 mln), AQSH (26,9 mln) va Misr (14,9 mln) joy olgan. Shuningdek, Vyetnam, Meksika, Ukraina, Turkiya, Filippin, Nigeriya, Qozog‘iston va Fransiya ham eng faol foydalanuvchilarga ega davlatlar safidan o‘rin olgan.
Kanal toifalari bo‘yicha esa, foydalanuvchilarning 85 foizi yangilik kanallarini, 62 foizi ko‘ngilochar kontentni, 58 foizi esa ta’limga oid sahifalarni kuzatadi. Siyosiy mavzudagi kanallar 50 foiz, texnologiya, moliya kabi sohaga oid kontent esa 48 foiz auditoriyaga ega.







