Yurak xuruji va insultni erta aniqlovchi mobil ilova yaratildi
ECHAS yurak va miya muammolarini bir necha daqiqada aniqlaydi.

Xalqaro olimlar guruhi tomonidan favqulodda holatlarda inson hayotini saqlab qolishga yordam beradigan ECHAS nomli yangi mobil ilova ishlab chiqildi. Bu ilova yurak xuruji yoki insult alomatlarini aniqlab, foydalanuvchiga tezkor tavsiyalar beradi. Mazkur yangilikni Virjiniya Sog‘liqni Saqlash Tizimi Universiteti (UVA Health) e’lon qildi.
Tibbiyotda “oltin soat” deb nomlanuvchi, ya’ni simptomlar boshlanganidan keyingi birinchi 60 daqiqa hayotiy ahamiyatga ega. Biroq ko‘plab bemorlar kechikkan holda yordam izlashadi, bu esa jiddiy oqibatlarga olib keladi.
ECHAS bu muammoni bartaraf etishga mo‘ljallangan. U quyidagi vazifalarni bajaradi:
- Shifokorlar so‘raydigan asosiy savollarni takrorlaydi;
- Oddiy barmoq bilan teginish testi orqali tananing bir tomonidagi zaiflikni aniqlaydi (bu — insult belgisidir);
- Foydalanuvchining javoblariga asoslanib xavfni baholaydi va harakatni tavsiya qiladi: tez yordam chaqirish, ishonch telefoniga murojaat qilish yoki shifokor bilan bog‘lanish.
Klinik sinovlar davomida ilova 200 dan ortiq bemorda testdan o‘tkazildi va yuqori aniqlik bilan yurak va miya qon aylanishi muammolarini aniqlay oldi. Ayniqsa insult va yurak xuruji alomatlariga nisbatan sezgirligi bilan ajralib turdi.
UVA Health nevrologi Dr. Jonatan Krou shunday deydi: “Ilova simptomlarni boshdan kechirish bilan yordamga murojaat qilish orasidagi vaqtni qisqartiradi. Bu esa ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin”.
Tadqiqotga ko‘ra, insult diagnostikasi 2 daqiqadan kam vaqtni oldi, yurak xuruji esa 1 daqiqa ichida aniqlandi.
Hozircha ECHAS keng jamoatchilik uchun ochiq emas. Uni ommalashtirishdan oldin yana kengroq klinik sinovlar rejalashtirilmoqda.







