Isroil Eronni 7 soat ichida nishonga olishi mumkin
Tramp safaridan oldin Isroil Vashingtonni ogohlantirdi.

The New York Times nashrining yozishicha, AQSh razvedkasi Isroil Eron yadroviy inshootlariga atigi yetti soat ichida hujum uyushtirishga tayyorlanishi mumkinligini aniqlagan. Ushbu xulosa AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqqa bo‘lajak safari oldidan bildirilgan xavotirlar fonida e’lon qilindi.
Manbalarga ko‘ra, Isroil rasmiylari Vashingtonni Eron tomonidan uranni boyitish ishlari to‘xtatilmagan taqdirda, harbiy choralar ko‘rilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Ular Tehronning barcha yadroviy inshootlari butunlay demontaj qilinishi tarafdori bo‘lib qolmoqda.
Isroil hukumati, xususan, Tramp ma’muriyatining Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishish yo‘lida Tehronga murosa taklif etishidan xavotirda. Bu borada The New York Times Isroilning ehtimoliy harbiy harakatlari diplomatik muzokaralarga bosim sifatida ham ko‘rilayotganini ta’kidlaydi.
Biroq, boshqa manbalar yanada ehtiyotkorona yondashuv tarafdori. Axios portali ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarga xalaqit beruvchi har qanday harakatdan tiyilishni maslahat bergan.
Shu bilan birga, 23-may kuni Rim shahrida Eron va AQSh vakillari o‘rtasida yadroviy dastur yuzasidan beshinchi raund muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ummon davlatining vositachiligida tashkil etilgan uchrashuv yakunida, Ummon tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaydiy "aniq natija bo‘lmasa-da, ijobiy siljishlar bor"ligini qayd etdi. Eronlik bosh muzokarachi Abbos Aragchi esa, yaqin bir-ikki uchrashuv ichida muhim kelishuvga erishilishi mumkin, degan umid bildirdi.







