Noto'g'ri tanlangan kasb Parkinson kasalligi xavfini oshirishi mumkin
Surunkali stress va yoqmaydigan ish sog‘liq uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

O‘zingiz yoqtirmagan, qiziqmaydigan ishda uzoq yillar ishlash Parkinson kasalligi xavfini oshirishi mumkin. Bu haqda Rossiyadagi FSBNU “Nevrologiya ilmiy markazi” Miya instituti olimlari xabar bermoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Parkinson kasalligiga olib keluvchi omillar orasida turmush tarzi, texnologiyalar ta’siri va eng avvalo — surunkali stress muhim o‘rin tutadi. Aynan inson qiziqmaydigan va zavq olmaydigan ish faoliyatining davomiyligi bu stressni kuchaytirishi mumkin.
Parkinson kasalligi odatda 65 yoshdan oshgan odamlarda uchraydi. Bu yoshdagi aholining 1-2 foizida kasallik qayd etilgan bo‘lsa, 75 yoshdan keyin bu ko‘rsatkich 3 foizga yetadi. Biroq so‘nggi yillarda 50 yoshgacha bo‘lganlar orasida ham kasallik holatlari ortib bormoqda.
Kasallik asta-sekin rivojlanadi. Miyadagi dastlabki o‘zgarishlardan tortib to birinchi aniq simptomlargacha 20 yilgacha vaqt o‘tishi mumkin. Asosiy alomatlar — qo‘llarning titrashi, muvofiqlashtirish buzilishi, diqqatning susayishi va harakatdagi sekinlikdir.
Mutaxassislar Parkinson kasalligi ilk bor 1817-yilda britaniyalik shifokor Jeyms Parkinson tomonidan tavsiflanganini eslatib o‘tishgan. Kasallik bosh miya harakat uchun javob beruvchi sohalarida, xususan “qora modda”da dopamin neyronlarining yemirilishi bilan boshlanadi.
Biologiya fanlari doktori Irina Muxina va nevrolog Oybek Turg‘unxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, genetik moyillik, qon aylanishi muammolari, pestitsidlar, og‘ir metallar, infeksiyalar va uzoq davom etuvchi stress kasallikni rivojlantiruvchi omillar hisoblanadi. Bundan tashqari, a-sinuklein oqsili to‘planishi va ichakdagi o‘zgarishlar ham muhim rol o‘ynaydi. Bu, o‘z navbatida, dastlabki alomatlar — ich qotishi va hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi bilan tushuntiriladi.
Ko‘pchilik bemorlar kasallik tashxisi qo‘yilishidan 10–15 yil avval ilk belgilarga duch kelgan bo‘ladi. Shu bilan birga, bemorlarning 30 foiziga yaqinida kasallik an’anaviy sxemaga mos kelmaydi, bu esa Parkinson sabablari murakkab va ko‘p qirrali ekanini ko‘rsatadi.
Shifokorlar kasallikning oldini olish uchun sog‘lom turmush tarzini tavsiya qiladilar: muntazam jismoniy faoliyat, aqliy mashqlar, to‘yimli uyqu va psixologik yengillik. Miya instituti direktori Sergey Illarioshkin ta’kidlashicha, surunkali stress — ayniqsa yillar davomida yoqtirilmagan ish tufayli yuzaga kelgani — jiddiy xavf omilidir. Mutaxassislar odamlar yoshlikdan o‘z qiziqishlariga mos yo‘nalish tanlashlari kerakligini qayd etishdi.







