Qarzning og‘ir oqibati
Qo‘qonda qarz sabab bir oila uyidan ayrildi.

Qarz va moliyaviy majburiyatlarga mas'uliyatsiz yondashish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatuvchi achinarli holat Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahrida qayd etildi. Natijada bir oila o‘z uyidan majburiy tartibda chiqarib yuborilgan.
Aniqlanishicha, fuqarolar S.S. va D.M.lar A.N. ismli shaxsdan 25 ming AQSh dollari miqdorida qarz olib, o‘zlariga tegishli uylarini garovga qo‘yishgan. Biroq, belgilangan muddatda qarz qaytarilmagach, summa 75 ming dollargacha oshib ketgan.
Da’vogarning arizasiga asosan sud garovdagi uyni A.N. nomiga rasmiylashtirishga qaror qilgan. Biroq qarzdorlar uylarini ixtiyoriy ravishda bo‘shatishdan bosh tortishgan. Shu sababli ish Majburiy ijro byurosining Qo‘qon shahar bo‘limiga yuborilgan.
Byuro xodimlari qonun asosida ogohlantirishlar bergan bo‘lsa-da, qarzdorlar uyni bo‘shatmagan. Oxir-oqibat, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, S.S. oilasi majburiy tartibda uyidan chiqarilib, kalit qonuniy egasiga – A.N.ga topshirilgan.







