AQSh janubida kuchli bo‘ronlar kuzatilmoqda
Texasda bo‘ron sabab yuz minglab aholi elektrsiz qoldi.

AQShning Texas shtatida yuz bergan kuchli bo‘ron natijasida 160 mingdan ortiq aholi elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda The Washington Post nashri mahalliy hokimiyat vakillariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shamol tezligi soniyasiga 35 metrgacha yetgan. Bo‘ron oqibatida o‘nlab elektr uzatish liniyalari ishdan chiqqan, shuningdek, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazilgan. Shtatning shimoliy hududlaridan 200 dan ortiq talafot holati haqida xabarlar kelib tushgan.
Mahalliy vaqt bilan dushanba kuni ertalab 90 mingga yaqin kishi elektr ta’minotisiz qolgan. Mutaxassislar ob-havoning keskin yomonlashuvi butun hafta davom etishini taxmin qilmoqda. Bo‘ronlar boshqa shtatlarda ham kuzatilishi mumkin: Luiziana, Missisipi, Alabama, Jorjiya va Tennessi xavf ostida. Shuningdek, Kentukki sharqida, G‘arbiy Virjiniyada, Merilendning g‘arbiy qismida, Ogayo va Nyu-Yorkning janubi-g‘arbiy hududlarida kuchli shamol va do‘l yog‘ishi ehtimoli mavjud.
Texasdagi favqulodda xizmatlar kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan toshqinlarga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Nashrning qayd etishicha, 2025-yil boshidan beri aynan Texasda bo‘ronlar va tornadolar eng ko‘p qayd etilgan shtat bo‘lib qolmoqda. Bunga Meksika ko‘rfazidagi suv haroratining odatdagidan yuqori bo‘lishi sabab bo‘lgan.







